Bu kunlarda Tirana (Albaniya) shahrida Islomiy hamkorlik sport assotsiatsiyasining (ISSA) navbatdagi sessiyasi o’tkazilmoqda. Tadbir doirasida kelgusi yili Islomiy hamkorlik o’yinlari o’tkaziladigan mamlakatni aniqlash va tashkilotning istiqboldagi rejalari muhokama qilinadi. O’zbekiston NOC nomidan sessiyada Xalqaro aloqalar bo’limi direktori Kamoliddin Ergashov ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida Saudiya Arabistonining poytaxti Er-Riyod 2025 yilgi Islomiy hamkorlik o’yinlariga mezbonlik qilishi rasmiy ravishda tasdiqlandi. Musobaqalar 7-21 noyabr kunlari o’tkaziladi. Musobaqalar dasturida 13 ta olimpiyacha, 4 ta neolimpyacha, 3 ta paralimpiyacha va 1 ta milliy sport turi mavjud. Tartib-qoidaga ko’ra, bugun ijroiya qo’mitasi va xalqaro tashkilotning Bosh assambleyasi yig’ilishi bo’lib o’tadi.
Eslatib o’tamiz, so’nggi Islomiy hamkorlik o’yinlari 2022 yilda Turkiyaning Konya shahrida o’tkazilgan. Ushbu musobaqalarda O’zbekiston delegatsiyasi 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medallarini qo’lga kiritib, 56 ta ishtirokchi mamlakatlar orasida Turkiyadan keyin umumjamoa hisobida ikkinchi o’rinni egalladi.