3-dekabr, seshanba kuni, rasmiy tengening valyuta birjasidagi kursi ikki yillik eng past darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma'lum qildi.

Bir kun ichida Qozog‘iston valyutasi 67 tiyin arzonlashdi. Hozirda uning narxi 24,23 so‘m — bu 2023-yil 5-yanvardan beri eng past daraja. 13-maydan beri tengening o‘zbek so‘miga nisbatan arzonlashishi 16,2% dan ortiq bo‘ldi.

O‘z navbatida, amerika dollari 13,67 so‘mga arzonlashdi — 12 838,33 so‘mga tushdi. Yevro 70,92 so‘m yo‘qotib, 13 498,22 so‘mni tashkil etdi. Asosiy valyutalar ichida rubl qimmatlana boshladi, 120 so‘mga yaqinlashdi.

Milliy valyutaning kuchsizlanishi fonida Qozog‘iston Milliy banki asosiy stavkani 1 foizli punktga oshirib, yillik 15,25% ga ko‘tarildi. Shuningdek, regulyator tengeni qo‘llab-quvvatlash uchun valyuta aralashuvlarini amalga oshirdi.

Reklama Spot.uz

Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri Nurlan Baybazarovning so‘zlariga ko‘ra, «milliy valyuta kursining o‘zgarishi asosan fundamental tashqi omillar ta'siri natijasidir».

«Birinchi omil — bu so‘nggi oylarda dollar indeksining global kuchayishi. Ikkinchi omil esa jahon neft narxlarining biroz pasayishi bilan bog‘liq. Va oxirgi, muhim omil — rus rublining kuchsizlanishi. Rossiya bizning yirik savdo hamkorimiz hisoblanganligi sababli, rublning tebranishlari tengening kursiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin», — deb aytgan rasmiy Forbes Kazakhstan nashrida.

O‘tgan hafta rubl dollar va so‘mga nisbatan ko‘p yillik eng past darajalarga yetdi. Juma kuni Markaziy bank rus valyutasining kursini 116,73 so‘m darajasida belgiladi — bu 2022-yil 24-martdan beri eng past daraja. 20-iyundan beri rubl so‘mga nisbatan deyarli chorak arzonlashdi. Rublning dollar kursi 110 ga yaqinlashdi.

Oldinroq Spot noyabr oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida ma'lumot bergan edi.