Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 15-paket iqtisodiy va individual sanksiyalarni qabul qildi, unda 54 jismoniy va 30 yuridik shaxs kiritilgan, bu haqda Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnali orqali e'lon qilingan hujjatdan ma'lum bo'ldi.
Sanksiyalar ro'yxatiga Rossiyaning Utair aviakompaniyasi kiritildi. Yevropa Ittifoqi ta'kidlaganidek, kompaniya "Rossiya Mudofaa Vazirligi bilan shartnoma asosida harbiy shaxslarni jangovar hududga transportlash va okkupatsiya qilingan Ukraina hududida reyslarni amalga oshirishda moddiy-texnik yordam ko'rsatgan".
Shuningdek, Utair "Rossiya Mudofaa Vazirligi bilan birgalikda chiptalarni sotish uchun maxsus sxemalar" tashkil etgani aytilmoqda. Yevropa Ittifoqi ma'lumotlariga ko'ra, kompaniya "Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga tahdid soluvchi harakatlarni qo'llab-quvvatlagan".
Sanksiyalar ostiga Rossiyaning PIK qurilish kompaniyasi ham tushdi, u allaqachon AQSh tomonidan cheklovlarga duch kelgan. Yevropa Ittifoqi PIK "Rossiya harbiy qism va xususiy harbiy kompaniyalar uchun kadrlarni moliyalashtirgan" va "muhim daromad manbaini ta'minlovchi iqtisodiyotning bir qismi" ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, Rossiyaning "Alabuga" kompaniyasiga nisbatan ham sanksiyalar kiritildi.
Birinchi marta sanksiyalar "Rossiyaning chetdagi destablizatsiya qiluvchi harakatlari uchun javobgar shaxslar" ustida qo'llanildi. Ro'yxatga 16 kishi va uchta tashkilot kiritilgan, jumladan, "Gazprom-Media"ning o'rinbosar direktori Tina Kandelaki.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi birinchi marta yetti Xitoy kompaniyasi va fuqarolariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ularning to'rttasi, da'vo qilinishicha, Rossiya armiyasiga dronlar va mikroelektronika uchun komponentlar yetkazib bergan, qolganlari esa sanksiyalardan chetlashishga yordam bergan. Ushbu choralar birinchi marta nafaqat eksport nazoratini, balki sayohat taqiqi va aktivlarni muzlatishni ham o'z ichiga oladi.
Sanksiyalar ro'yxatiga Shimoliy Koreyaning ikkita yuqori lavozimli rasmiysi ham kiritilgan.
Yevropa sanksiyalariga duchor bo'lgan boshqa shaxslar orasida "Avtodor" rahbari Vyacheslav Petushenko, "Rossiya Vertolyotlari"ning bosh direktori Nikolay Kolesov, "Gazprom"ning "qizlari" va pudratchilari Nikolay Tkachenkо, Yuri Shamalov, Ivan Kozhevnikov va Aleksey Kakhidze va boshqa jismoniy shaxslar mavjud.
Yevropa Ittifoqi allaqachon 2025 yil yanvarida qabul qilinishi mumkin bo'lgan 16-paket sanksiyalarini tayyorlashni boshladi. To'liq hujjat bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.
Avvalroq Spot "Gazprombank" va 50 dan ortiq Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar kiritilgani haqida yozgandi.